Qayta tiklash

Bunday raqam bilan ro'yxatdan o'tilmagan!!!

login yoki parol xato!

Ro’yxatdan o’tish

Telefon raqamingizga sms orqali 6 xonali tasdiqlash kodi jo'natildi. Iltimos kodni kiriting!

01:59

Kod xato. Iltimos tekshirib boshqatdan kiriting!!!

Ro’yxatdan o’tganmisiz?

Ortga qaytish

Yangiliklar

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoraqalpogʻistonda

2023-yilning 29-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, professor-oʻqituvchilar va talaba-yoshlar bilan uchrashdi. Unda vazir soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari, taʼlim jarayonini sifat jihatidan yuqori darajaga koʻtarish boʻyicha bajarilayotgan ishlar hamda kelgusi vazifalarga toʻxtaldi. Uchrashuvda qoraqalpogʻistonlik olimlar, professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovga sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishidagi fikr va takliflarini bildirdi. Xususan, barcha oliy taʼlim muassasalarida masofaviy taʼlimni takomillashtirish maqsadida yangi platforma ishlab chiqish "Yosh ijodkorlar" klubini tashkil etish, mashhur musavvirlarning ijodiy ishlaridan iborat koʻrgazmalar tashkillashtirish, "Universiada" sport oʻyinlari qatoriga paralimpiya oʻyinlarini kiritish, talabalarning xorijda hamda respublikamiz oliy taʼlim muassasalarida akademik almashinuvlarini yoʻlga qoʻyish, respublikamizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlarning ilmiy jurnallarida qoraqalpoq tilida ham maqolalarni chop etish imkoniyatini yaratib berish, shuningdek, yoshlar oʻzlarining startap hamda innovatsion loyihalarining vazirlik tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi yuzasidan takliflar bildirildi. Vazir Ibrohim Abdurahmonov bildirilgan takliflar va koʻtarilgan masalalarni birma-bir tinglab, ularning ijobiy hal etilishi hamda qoʻllab-quvvatlanishini alohida taʼkidladi va masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.

18-Oktabr, 2021-yil 9:50 Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy omillari

“Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy omillari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy seminarining PRESS-RELIZI О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 fevraldagi “Professional ta’lim tizimi boshqaruv hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish tо‘g‘risida”gi 106-son qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq 2021 yil 12 oktabr kuni Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish instituti tomonidan “Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy asoslari” mavzusidagi ilmiy – amaliy seminari “on-line” shaklda о‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur Anjumanda professional ta’lim tizimidagi islohotlarning borishi, sohadagi xorijiy davlatlar tajribasi, malaka oshirishda ta’lim sifatini ta’minlash kabi dolzarb mavzular bо‘yicha ma’ruzalar qilinishi belgilangan. Anjuman yakunida professional ta’lim muassasalarining boshqaruv hamda pedagog kadrlarini «Hayot davomida ta’lim olish» tamoyili asosida uzluksiz qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlarga fan va ishlab chiqarish sohasidagi oxirgi natijalarni joriy qilish bо‘yicha yangi tajribalarga erishilishi kutiladi. Ushbu ilmiy-amaliy seminarda ishtirok etish uchun tasarrufida professional ta’lim muassasalari bо‘lgan 30 ta vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, professional ta’lim tizimining boshqaruv va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan 41 ta oliy ta’lim muassasalari xodimlari, Pedagogik innovatsiyalar instituti rahbarlari va professor-о‘qituvchilari, Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalar rahbarlari va metodistlari, barcha (750 ta) professional ta’lim muassasalarining boshqaruv va pedagog xodimlari taklif etilgan. Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy asoslarini amaliy va nazariy jihatlarini keng yoritish maqsadida ilmiy-amaliy seminarga taqdim etilgan maqolalar tо‘plamini chop etish rejalashtirilgan. Anjumanga ishtirok etish bо‘yicha murojaatlar, savollar, takliflar bilan (71) 246-92-27, (99) 394-30-43 raqamli telefonlar orqali muloqot qilish mumkin. Mas’ul shaxs: Usanov Shamsiddin Hamidovich, Pedagogik innovatsiyalar instituti, Malaka oshirish va qayta tayyorlash jarayonini о‘quv-metodik ta’minlash boshqarmasi bosh mutaxassisi. “Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy omillari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy seminarining dasturi: 11:00-11:10 - Xudayberdiyev Zayniddin Yavkachevich, - Pedagogik innovatsiyalar instituti direktori, i.f.d., professor. Kirish sо‘zi. 11:10-11:20 - Esanboboyev Faxriddin Toshtemirovich, Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi, boshqarma boshligi. Mavzu: Malaka oshirish va qayta tayyorlashning dolzarb ilmiy masalalari. 11:20-11:30 - Shoymardonov Tо‘ymurod Turdaliyevich, Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazi direktori. 11:30-11:40 - Shasalimov Jamalxon Shasidikovich, Pedagogik innovatsiyalar instituti, Personal boshqaruv kafedrasi mudiri. Mavzu: Malaka oshirishning samarali modellarini izlashning umumiy tendensiyalari (Yevropa davlatlarida pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayoni tahlili asosida). 11:40-11:50 - Mamarasulov Fazliddin Umarovich, Pedagogik innovatsiyalar instituti, “Ta’limda boshqaruv” kafedrasi mudiri. Mavzu: Pedagog kadrlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlashda chet el tajribalari (AQSH, Kanada, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur va Malayziya misolida). 11:50-12:00 - Axunjonov Alisher Toshtemirovich, Pedagogik innovatsiyalar instituti, “Innovatsion ta’lim texnologiyalari” kafedrasi katta о‘qituvchisi. Mavzu: Pedagog kadrlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlashda chet el tajribalari (Finlyandiya, Fransiya, Daniya, Italiya, Rossiya, Qozog‘iston, Shvetsiya va Norvegiya misolida). 12:00-12:10 - Kurbanov Shavkat Ergashevich, Pedagogik innovatsiyalar instituti, Innovatsion loyihalar, fan va ta’lim texnologiyalari transferi bо‘limi boshlig‘i. Mavzu: Malaka oshirish ta’lim tizimidagi islohotlar: innovatsion g‘oyalar. 12:10-12:25 - Jalalov Anvar Qodirovich, - Pedagogik innovatsiyalar instituti direktorining о‘rinbosari. Mavzu: Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning dolzarb muammolari. 12:25-12:40 - Munozara (A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi muammolarini о‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti, Uzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi Elektron ta’lim bulimi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti va boshqalar). 12:40-12:50 - Xudayberdiyev Zayniddin Yavkachevich, - Pedagogik innovatsiyalar instituti direktori, i.f.d., professor. Seminarning yopilishi.

23-Oktabr, 2023-yil 10:17 Germaniya metodikasi asosidagi “Biznes asoslari” o‘quv dasturi tadbirkorlik koʻnikmalarini oshirishga yordam beradi

Professional ta’lim tizimi o‘quvchilarini xorijiy tajribalar asosida moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti bilan hamkorlikda professional taʼlim tizimi pedagog kadrlarini Germaniya metodikasi asosida tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Hamkorlik doirasida joriy yilning 16-23 iyul kunlari 19 nafar professional taʼlim tizimi pedagog-kadrlari Germaniyaning Landshut shahrining “Sparkassenakademie Beyern” akademiyasida Germaniyada dual taʼlim tizimi, “WISO darsi” misolida oʻquv jarayonlari, taʼlim dasturlarini ishlab chiqish metodikalari, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha xalqaro ekspertlar tomonidan malaka oshirdilar. Mazkur tajribalar asosida xalqaro ekspertlar bilan birgalikda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarining moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan simulyatsion va kompetensiyaga asoslangan “Biznes asoslari” o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Ushbu o‘quv dasturining maqsadi, o‘quvchilarga o‘z biznes-g‘oyasini amalga oshirish va shaxsiy daromadga ega bo‘lish hamda daromadlarini oshirish uchun o‘zining shaxsiy tadbirkorlik korxonasiga asos solishga o‘rgatishdan iborat. O‘quv dastur 3 ta "simulyatsion o‘yin"dan iborat bo‘lib, ular “Jamg‘arma o‘yini” simulyatsiyasi 18 soat bo’lib, shundan, 12 soat biznes o‘yin, 6 soat nazariy dars; “Mikro biznes o‘yini” simulyatsiyasi 30 soat bo’lib, shundan, 22 soat biznes o‘yin, 8 soat nazariy dars; “Biznesni rejalashtirish va kredit olish bo‘yicha suhbatga tayyorgarlik ko‘rish” o’yini 12 soat bo’lib, shundan, 6 soat nazariy dars, 6 soat amaliy mashqlardan iborat etib belgilangan. “Biznes asoslari” o‘quv dasturi 2023/2024-o‘quv yilidan joriy etilib, unda o‘quv jarayoni maxsus jihozlangan auditoriyada tashkil etilishi, auditoriyada dars jarayonlari bir vaqtda ikki nafar pedagoglar tomonidan, kichik guruhlarga ajratilgan holda olib borilishi, shuningdek, har bir o‘quv jarayoni simulyatsiya uchun zarur bo‘lgan moddiy va metodik ta’minot vositalari yordamida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunda Germaniyaning “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti hududdagi barcha professional ta’lim muassasalarini “Jamg‘arma o‘yini”, “Mikro biznes o‘yini”, “Biznesni rejalashtirish va kredit olish bo‘yicha suhbatga tayyorgarlik ko‘rish” simulyatsion o’yinlari uchun zarur bo’ladigan moddiy va metodik ta’minot vositalari bilan ta’minlashni o‘z oldiga maqsad etib belgilab qo‘ygan. “Biznes asoslari” o‘quv dasturini joriy etishda o‘quv jarayonlari Germaniya tajribasidan kelib chiqib simulatsion o‘yinlar, Noy-hau sessiyalar, enerjayzerlar, amaliy mashqlar, ishtirokchilarning taqdimotlari va feedback kabi usullardan foydalanib tashkil etiladi. “Biznes asoslari” o‘quv dasturi davomida o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikmalar ichki nazorat bo‘yicha amaldagi tartib asosida baholanishi belgilangan. Baholash usullari yozma, og‘zaki, savol-javob, test, amaliy topshiriqlar, ishbilarmonlik-vaziyatli rolli o‘yinlarni bajarish orqali o‘quvchilarning o‘quv elementini o‘zlashtirish natijalarini aniqlashga imkon beradi.

22-Iyun, 2023-yil 9:46 Toshkent, Samarqand va Qо‘qon Temir yо‘l texnikumi bitiruvchilari ish о‘rinlari bilan ta’minlanadi

“О‘zbekiston temir yо‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 2023-yil-2 maydagi 370-N-sonli “Tasarrufdagi texnikumlar bitiruvchilarini ishga qabul qilish tо‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida Toshkent va Samarqand temir yо‘l texnikumlarining 2022/2023 о‘quv yili bitiruvchilarini ishga taqsimlash, ularni Jamiyat tasarrufidagi korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, tamomlagan kasbi (ixtisosligi) bо‘yicha saralash, tanlash va vakant bо‘sh ish о‘rinlariga taqsimlash uchun о‘quv muassasalarida suhbatlar bо‘lib о‘tmoqda Shu о‘rinda ta’kidlab о‘tish lozimki, joriy о‘quv yilida Toshkent temir yо‘l texnikumini О‘rta maxsus professional ta’lim, MSKO 5-darajasi bо‘yicha 390 nafar о‘quvchilar bitirmoqda. Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga bag‘ishlangan tadbirlarning dastlabkisi 22-23 may kunlari Toshkent temir yо‘l texnikumida bо‘lib о‘tdi. Unda “О‘zbekiston temir yо‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqarma va bо‘limlari rahbarlari, mintaqaviy temir yо‘l uzellari rahbar о‘rinbosarlari, kadrlar bо‘limi boshliqlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar. Kun davomida suhbat natijalariga kо‘ra muvaffaqiyatli о‘tgan bitiruvchilar Jamiyat tasarrufidagi korxona va tashkilotlarga ishga joylashish huquqiga ega bо‘ldi. Shuningdek, bu kabi tadbirlar 25-26 may kunlari Samarqand temir yо‘l texnikumida ham tashkil etilishi kо‘zda tutilgan.

18-Sentabr, 2023-yil 9:42 Germaniya bilan Oliy va professional taʼlim hamda ilm-fan sohalarida hamkorlik mustahkamlanmoqda

Ayni kunlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining Germaniyada xizmat safarida boʻlib turibdi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi va boshqa masʼul xodimlardan iborat delegatsiya aʼzolari Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Oʻzbekistonda kasb-hunar taʼlimi tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlari qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida Germaniyadagi oliy va professional taʼlim muassasalari, ish beruvchilar uyushmalari va boshqa tashkilotlar faoliyati bilan tanishmoqdalar. Dyuseldorf shahridagi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati Gʻarbiy ofisi rahbari Kortman Karin xonim bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va grant loyihasining kelgusi fazalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shu bilan birga Germaniyada ishlash istagida boʻlgan yoshlar uchun talab etiladigan kompetensiyalar va ularni shakllantirishda Kortman xonim Germaniya mehnat vazirligi orqali bevosita koʻmak berishini taʼkidladi. Dyuseldorf federal mehnat agentligi, Dyuselderof sanoat koʻrgazmasi, Dyuselderof savdo-sanoat palatasi, Myonxengladbaxdagi shahridagi yengil sanoat texnologiyalari boʻyicha uskunalar ishlab chiqishga ixtisoslashgan Truchiler grup kompaniyasi faoliyatlari bilan tanishildi va dual taʼlim shaklini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik oʻrnatishga kelishib olindi. Dyuselderof sanoat koʻrgazmasi vakillari Toshkent shahrida 2023-yil 16-20-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan Inno Week haftaligiga taklif etildi. Germaniya oliy taʼlim muassasalarida joriy etilgan dual taʼlim shakli bilan yaqindan tanishish uchun Niderrayn amaliy fanlar universitetiga tashrif buyurildi. Mazkur universitet professori doktor Matias Biir tomonidan universitet faoliyati boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Dual taʼlim shakli boʻyicha koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan ushbu oliy taʼlim muassasasi bilan Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti oʻrtasida hamkorlikni oʻrnatishga va birgalikda kadrlar tayyorlash va ilmiy hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari xizmat safari davomida Germaniya hunarmandlar palatasi va Germaniya savdo-sanoat palatasi, Germaniya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, Germaniya ish beruvchilari uyushmasi vakillari, Germaniya professional taʼlim boʻyicha Federal institut direktori doktor Kress hamda yoshlar masalalari boʻyicha Berlin senati senatori Gyunter xonim bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan. Shu bilan birga Germaniya KfW banki bilan yangi loyiha boʻyicha tegishli hujjatlarni imzolash belgilangan.

14-Fevral, 2022-yil 12:28 Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni otmlarga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi tasdiqlandi

Hukumat qarori (17-son, 11.01.2022) bilan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Mazkur Nizom bilan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni o‘z sohasiga mos bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta'lim muassasalarining 2-bosqichidan o‘qishini davom ettirish uchun qabul qilish tartibi belgilandi. Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga texnikumdagi butun o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari "5 (a'lo)" va "4 (yaxshi)", biroq o‘zlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy ta'lim muassasalari uchun kamida 85 foizi) "5 (a'lo)" bo‘lgan bitiruvchilar kiradi. Mazkur tartib 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, bitiruvchi texnikumni tamomlagan yildan boshlab ikki yil mobaynida tatbiq etiladi. Yuqorida qayd etilgan toifaga kirmaydigan hamda texnikumni bitirganiga ikki yildan oshganlar o‘qishga kirish istagini bildirganda ularni oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ta'lim yo‘nalishlari ro‘yxati Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. O‘qishga qabul qilish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bitiruvchilar har yili 5 iyuldan 25 iyulga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadilar. Bunda bitiruvchilar - pasport yoki ID-karta nusxasi, - texnikumni bitirganlik to‘g‘risidagi hujjat - va unga ilovaning nusxasini yuklashi talab etiladi Onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bitiruvchilarning tizimga yuklangan hujjatlari oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan har yili 5 avgustga qadar o‘rganib chiqiladi O‘rganish natijalari bo‘yicha abiturientlarning shaxsiy kabineti orqali ularga xabar beriladi. Bitiruvchilarni oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan suhbat jarayoni har yili 10 avgustdan 25 avgustgacha, oliy ta'lim muassasasi tomonidan belgilangan muddatda o‘tkaziladi. Ushbu Nizom - oliy harbiy, oliy harbiylashtirilgan ta'lim muassasalariga; - Toshkent davlat yuridik universitetiga; - O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Manba: edu.uz