Qayta tiklash

Bunday raqam bilan ro'yxatdan o'tilmagan!!!

login yoki parol xato!

Ro’yxatdan o’tish

Telefon raqamingizga sms orqali 6 xonali tasdiqlash kodi jo'natildi. Iltimos kodni kiriting!

01:59

Kod xato. Iltimos tekshirib boshqatdan kiriting!!!

Ro’yxatdan o’tganmisiz?

Ortga qaytish

Yangiliklar

Germaniya metodikasi asosidagi “Biznes asoslari” o‘quv dasturi tadbirkorlik koʻnikmalarini oshirishga yordam beradi

Professional ta’lim tizimi o‘quvchilarini xorijiy tajribalar asosida moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti bilan hamkorlikda professional taʼlim tizimi pedagog kadrlarini Germaniya metodikasi asosida tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Hamkorlik doirasida joriy yilning 16-23 iyul kunlari 19 nafar professional taʼlim tizimi pedagog-kadrlari Germaniyaning Landshut shahrining “Sparkassenakademie Beyern” akademiyasida Germaniyada dual taʼlim tizimi, “WISO darsi” misolida oʻquv jarayonlari, taʼlim dasturlarini ishlab chiqish metodikalari, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha xalqaro ekspertlar tomonidan malaka oshirdilar. Mazkur tajribalar asosida xalqaro ekspertlar bilan birgalikda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarining moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan simulyatsion va kompetensiyaga asoslangan “Biznes asoslari” o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Ushbu o‘quv dasturining maqsadi, o‘quvchilarga o‘z biznes-g‘oyasini amalga oshirish va shaxsiy daromadga ega bo‘lish hamda daromadlarini oshirish uchun o‘zining shaxsiy tadbirkorlik korxonasiga asos solishga o‘rgatishdan iborat. O‘quv dastur 3 ta "simulyatsion o‘yin"dan iborat bo‘lib, ular “Jamg‘arma o‘yini” simulyatsiyasi 18 soat bo’lib, shundan, 12 soat biznes o‘yin, 6 soat nazariy dars; “Mikro biznes o‘yini” simulyatsiyasi 30 soat bo’lib, shundan, 22 soat biznes o‘yin, 8 soat nazariy dars; “Biznesni rejalashtirish va kredit olish bo‘yicha suhbatga tayyorgarlik ko‘rish” o’yini 12 soat bo’lib, shundan, 6 soat nazariy dars, 6 soat amaliy mashqlardan iborat etib belgilangan. “Biznes asoslari” o‘quv dasturi 2023/2024-o‘quv yilidan joriy etilib, unda o‘quv jarayoni maxsus jihozlangan auditoriyada tashkil etilishi, auditoriyada dars jarayonlari bir vaqtda ikki nafar pedagoglar tomonidan, kichik guruhlarga ajratilgan holda olib borilishi, shuningdek, har bir o‘quv jarayoni simulyatsiya uchun zarur bo‘lgan moddiy va metodik ta’minot vositalari yordamida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunda Germaniyaning “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti hududdagi barcha professional ta’lim muassasalarini “Jamg‘arma o‘yini”, “Mikro biznes o‘yini”, “Biznesni rejalashtirish va kredit olish bo‘yicha suhbatga tayyorgarlik ko‘rish” simulyatsion o’yinlari uchun zarur bo’ladigan moddiy va metodik ta’minot vositalari bilan ta’minlashni o‘z oldiga maqsad etib belgilab qo‘ygan. “Biznes asoslari” o‘quv dasturini joriy etishda o‘quv jarayonlari Germaniya tajribasidan kelib chiqib simulatsion o‘yinlar, Noy-hau sessiyalar, enerjayzerlar, amaliy mashqlar, ishtirokchilarning taqdimotlari va feedback kabi usullardan foydalanib tashkil etiladi. “Biznes asoslari” o‘quv dasturi davomida o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikmalar ichki nazorat bo‘yicha amaldagi tartib asosida baholanishi belgilangan. Baholash usullari yozma, og‘zaki, savol-javob, test, amaliy topshiriqlar, ishbilarmonlik-vaziyatli rolli o‘yinlarni bajarish orqali o‘quvchilarning o‘quv elementini o‘zlashtirish natijalarini aniqlashga imkon beradi.

14-Noyabr, 2023-yil 16:56 Vobkent tuman 2-son kasb-hunar maktabida "yashil rivojlanish" mavzularida seminar tashkil etildi

Vobkent tuman 2-son kasb-hunar maktabida 6-noyabr kuni Germaniya Xalqaro hamkorlik tashkilotining (GIZ) “O‘zbekistonda kasbiy ta'lim tizimini isloh etish va modernizasiya qilish jarayonini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi (TexVET) tomonidan “YASHIL RIVOJLANISH” mavzulariga bag‘ishlangan loyihalarni rejalashtirish bo‘yicha seminar tashkil etildi. Seminarda loyiha xalqaro ekspertlar Korneliya Shtaynigen va Yoaxim Lensninglar ishtirok etdilar. Bundan tashqari seminarda Navoiy viloyati Navbahor tumani kasb-hunar maktabi o’qituvchi va o’quvchilari qatnashdilar. Seminarda o’quvchilar kichik ishchi guruhlarga bo’linib, har bir ishchi guruh "yashil mavzular" ustida birgalikda o’z loyihalarini ishlab chiqdilar va taqdimot qildilar.

19-Mart, 2024-yil 9:14 Professional ta’limni rivojlantirish institutida professional ta’lim soxasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

19-mart kuni O‘zbekistonda bo‘lib turgan Belarus Respublikasining Professional ta’lim respublika instituti Ta’lim muassasasi rektori Valeriy Nikolaevich Golubovskiy boshchiligidagi delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Professional ta’limni rivojlantirish instituti boshqaruv va pedagog kadrlari, malakali mutaxassilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kadrlar salohiyatini rivojlantirish asosiy mavzulardan biri bo‘lib, unda ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Tomonlar professional ta’lim sohasida qo‘shma fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazilishini tashkil etish, talab etilgan malakalar bo‘yicha mutaxassislarni muvaffaqiyatli tayyorlash uchun professional ta’limning ilmiy-uslubiy ta’minotini birgalikda ishlab chiqish va takomillashtirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalar tashkil etish, qo‘shma innovatsion faoliyat olib borish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bordilar. Jumladan, Professional ta’lim respublika instituti Ta’lim muassasasi tomonidan kompetensiya markazlarini yaratish, faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishda konsalting va ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish masalalari, birgalikda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalar yo‘nalishida O‘zbekistonda ilg‘or professional tayyorgarlik markazlari modelini ilmiy-texnik asoslash, yaratish va aprobatsiyadan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida imzolangan kelishuvni amalga oshirish yuzasida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasini imzoladilar. Shuningdek, ta’lim va fan sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga, ikki davlat o‘rtasida professional ta’lim sohasida ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga hissa qo‘shgani uchun Professional ta’limni rivojlantirish institutining Ilmiy kengashi qarori bilan Professional ta’lim respublika instituti Ta’lim muassasasi rektori Valeriy Nikolaevich Golubovskiyga “Professional ta’limni rivojlantirish institutining faxriy professori” Faxriy unvoni berildi.

22-Iyun, 2023-yil 9:42 Professional ta'lim tizimi transformatsiyasi mehnat bozori uchun kerakli, raqbatbardosh, malakali kichik mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan

– Ayni paytda mamlakatimizda 330 ta kasb-hunar maktabi, vazirlik va idoralar tizimidagi 166 ta kollej va 208 ta texnikum faoliyat yuritib keladi. Ularda kasb va mutaxassislik egallash istagidagi 417,5 mingdan ortiq oʻquvchi tahsil olmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining navbatdagi sonida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Professional taʼlim tizimini rivojlantirish departamenti boshligʻi Sadoqat Siddiqovaning “Professional ta’lim tizimi transformatsiyasi mehnat bozori uchun kerakli, raqobatbardosh, malakali kichik mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan” sarlavhali maqolasi chop etildi.

7-Mart, 2024-yil 9:32 8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar” kuni

2024-yilning 6-mart kuni Professional ta’limni rivojlantirish institutida 8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar” kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bayram tadbirini institut direktori Zayniddin Xudayberdiyev ochib berdi va institut xotin-qizlariga o‘z bayram tabriklarini bildirib, professional ta‘lim sohasidagi mashaqqatli ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Bayram tadbirida Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji o‘quvchilari hamda ularning murabbiylari o‘zlarining bayramona chiqishlari bilan ishtirok etishdi.

19-Iyul, 2023-yil 10:23 “Markaziy Osiyo oliy ta’lim xabi sifatida” xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi

2023-yil 7-iyul kuni Toshkent shaharidagi “Whyndham Tashkent" mehmonxonasida “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “Markaziy Osiyo oliy ta’lim xabi sifatida” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan YUNESKO, Britaniya Kengashi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, YUNESKOning Bangkokdagi mintaqaviy ofisi direktori Libing Vang hamda O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi direktori Denis Veddingxam ochib berdilar. Konferensiya ishtirokchilari tomonidan globallashuv sharoitida oliy ta’lim malakalarini tan olishning xalqaro mexanizmlari, O‘zbekistonda oliy ta’lim transformatsiyasi masalalari muhokama qilindi. Muvaffaqiyatli transmilliy ta’lim xablarini shakllantirish bo‘yicha fikr almashish jarayonida Yaqin Sharq va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari tajribasiga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar mobilligi uchun xalqaro oliy ta’lim tarmog‘i, 21-asrda Markaziy Osiyodagi universitetlarning roli va mas’uliyati, global muammolar davrida universitetning rivojlanish strategiyasi: muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari kabi mavzular ham anjuman kun tartibidan o‘rin oldi. Anjuman Markaziy Osiyo davlatlarida oliy ta’limni xalqarolashtirish, ta’lim sifatini yanada yaxshilash, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, mintaqa davlatlarida oliy ta’lim transformatsiyasi, dual ta’limni yo‘lga qo‘yish, xalqaro reytinglar kabi mavzularga bag‘ishlandi. Konferensiyada umumiy hisobda taxminan 60 nafar xorijiy va mahalliy ishtirokchilar, jumladan 20 dan ortiq davlatdan yetakchi oliy ta’lim muassasalarining rektorlari, oliy ta’lim bo‘yicha taniqli ekspertlar va yirik xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdilar. Ibrohim Abdurahmonov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik: – Globallashuv davri bizdan oliy ta’lim tizimini qurish uchun tubdan yangi yondashuvlarni talab qiladi. Jahon ta’lim makonida aniq o‘rin egallash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy ta’lim tizimlari dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va rivojlanish jarayonlariga moslashishi muhim ahamiyat kasb etadi. So‘nggi yillarda ta’lim sifati va oliy ta’limga qamrovini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi besh yil ichida 100 dan ortiq yangi universitetlar tashkil etildi. Hozirgi kunda O‘zbekistondagi universitetlarning umumiy soni 2016 yildagi 77 bilan taqqoslaganda 210 ko‘rsatkichga yetdi. O‘zbekistonda oliy ta’limga qabul qilish darajasi 2016 yilga nisbatan to‘rt barobar oshdi va joriy o‘quv yilida 39 foizga yetdi. Bundan to‘rt yil avval O‘zbekistonda atigi 7 ta xorijiy universitetlar faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunda 30 taga yetdi. YUNESKOning Bangkokdagi mintaqaviy ofisi direktori Libing Vang: Denise Waddingham O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi direktori: – Britaniya kengashi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, xususan universitetlarni boshqarish, ta’lim sifatini ta’minlash va inklyuziya. Shuningdek, O‘zbekistonda transmilliy ta’limni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotgani quvonarlidir. Britaniya Kengashi «Change Academy» loyihasi doirasida vazirlik va Buyuk Britaniyaning «Advance HE» tashkiloti bilan bir necha yildan beri ta’lim sifatiga qaratilgan hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Bundan tashqari O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yurituvchi ayol tadqiqotchilari uchun ilk bor «Women in STEM» loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Janseit Tuimebaev, Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti rektori: – Qozog‘iston universitetlarni xalqarolashtirish strategiyasini amalga oshirmoqda, bunda global ta’lim makoniga integratsiya mahalliy oliy ta’lim tizimining raqobatbardoshligini oshiradi va malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshiradi. Bizda xalqaro universitetlar va xorijiy universitetlarning filiallari mavjud. Qozog‘iston Milliy agrar universiteti negizida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining filiali ochilmoqda. Qozog‘iston Fan va oliy ta’lim vazirligi hamda universitetlari Markaziy Osiyoning yagona oliy ta’lim makonini shakllantirish doirasida salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Markaziy Osiyo doirasida professor-o‘qituvchilar va xodimlarning amaliyot o‘tashi, qo‘shma ilmiy loyihalarni tashkil etishi rejalashtirilgan. Akademik va madaniy tajriba almashish, maqsadida Universitetlar ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari talabalari ittifoqini tuzish vazifasi qo‘yilgan. Markaziy Osiyo oliy ta’lim xabiga aylanishi shart va lozim. Markaziy Osiyo universitetlari murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, milliy manfaatlar va o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda, birdamlik va hamjihatlikni saqlashi zarur, biz xalqlarimiz manfaati va farovonligi yo‘lida olg‘a intilish uchun birga bo‘lishimiz va birgalikda harakat qilishimiz kerak.