Qayta tiklash

Bunday raqam bilan ro'yxatdan o'tilmagan!!!

login yoki parol xato!

Ro’yxatdan o’tish

Telefon raqamingizga sms orqali 6 xonali tasdiqlash kodi jo'natildi. Iltimos kodni kiriting!

01:59

Kod xato. Iltimos tekshirib boshqatdan kiriting!!!

Ro’yxatdan o’tganmisiz?

Ortga qaytish

Yangiliklar

Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida hamkorlik

Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida 19-21-iyun kunlari bo‘lib o‘tayotgan DARYA loyihasining 2-moduli doirasida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ta’limning turli shakllarini tan olish, tasdiqlash sohasidagi so‘ngi ishlanmalar, ustuvorliklar va joriy etish bo‘yicha seminarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari ishtirok etmoqda. DARYA – Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan birinchi mintaqaviy loyiha bo‘lib, loyiha Markaziy Osiyodagi yoshlarining inklyuziv ta’limni rivojlantirish va mehnat bozoriga mos malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarga qaratilgan. Loyihaning asosiy maqsadi – mintaqada ta’lim berish va bandlikni ta’minlash tizimlarining sifati va inklyuzivligini rivojlantirish orqali Markaziy Osiyoda COVID-19 pandemiyasidan keyin ushbu sohalarni tiklanishga ko‘maklashishdan iborat. Shu bilan birga, loyiha beshta davlatning har birida, shuningdek, mintaqaviy darajada keng va inklyuziv muloqot hamda hamkorlik mexanizmlarini yaratishga yo‘naltirilgan.

16-Avgust, 2021-yil 20:08 Pirovard maqsadimiz zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashga qaratilgan

Keyingi yillarda yurtimizda ilm-fanga munosabat tubdan o‘zgardi. Ta’lim sohasini isloh etish, ilmiy va innovatsion faoliyatni har tomonlama qo‘llab- quvvatlashga qaratilgan islohotlarga keng yo‘l ochildi. Sifatli ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash yangilanishlarning pirovard maqsadiga aylandi. Shu islohotlar jarayonida kasb-hunar ta’limi sohasiga ham zamonaviy tamoyillar olib kirildi. Xalqaro andozalarga mos professional ta’lim tizimi joriy etildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2019 yil 6 sentabrdagi "Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni mazkur islohotlarning mustahkam poydevoriga aylandi. Sababi, unga muvofiq, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim darajalarini qamrab olgan professional o‘qitish tizimi hamda tabaqalashtirilgan o‘quv dasturlari joriy etiladigan ta’lim muassasalari tashkil qilindi. Mazkur dasturlar asosida tegishli kadrlar tayyorlaydigan o‘quv maskanlari ro‘yxati tasdiqlandi. Shunga hamohang tarzda professional o‘qitish tizimida tegishli ta’lim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional o‘quv muassasalari tarmog‘i yaratildi. Ayni paytda yurtimizda 339 ta kasb-hunar maktabi, 201 ta kollej, 185 ta texnikum faoliyat yurityapti. Harakatlar strategiyasidagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta’lim xizmatlari imkoniyatini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish zarurligi qat’iy belgilab berilgan. Zotan, xalqaro mehnat bozori, integratsion jarayonlarning jadallashuvi, raqamlashtirish, sanoatdagi texnologik inqiloblar davri ham aynan shuni talab qilyapti. Zarur malaka va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari xalqaro andozalarga mos, professional ta’lim tizimida tayyorlanadi. Shu ma’noda, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti nafaqat ta’lim muassasalari, balki sohada innovatsion muhit, yangi makon yaratish ishlariga izchil kirishgan. Jumladan, tizimdagi rahbar va pedagog xodimlar uchun yangicha mezonlarda o‘quv kurslari tashkil etilyapti. Mazkur o‘quv yilida malaka oshirishning yigirmaga yaqin yangi moduli joriy qilindi. Ikki yuzdan ortiq vizuallashtirilgan va raqamlashtirilgan yangi elektron ta’lim resurslari bazasi yaratildi. Institut ayni paytda kasb-hunar ta’limini innovatsion rivojlantirish hamda rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish yo‘nalishlarida faoliyat olib bormoqda. Tizimni qisqa vaqt oralig‘ida rivojlantirish va jahon standartlariga to‘la moslashtirish maqsadida rivojlangan mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlarning ilg‘or tajribalari o‘rganilyapti. Jarayonda Germaniya, Shveysariya, Janubiy Koreya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlar, YuNESKO, Britaniya kengashi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa ta’lim fondi, Turkiya hamkorlik agentligi, Xitoyning Universitetlar uyushmasi kabi tashkilotlardan ikki yuzdan ortiq nufuzli ekspertlar jalb etildi. Ulardan zarur tajriba va xulosalar olindi. Belarus Respublikasining Professional ta’lim respublika instituti bilan professional ta’lim sifatini oshirish, milliy malaka tizimini joriy etish va WorldSkills standartlari asosida kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarini qamrab olgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Davlatimiz rahbari tomonidan xorijiy migrantlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar doirasida Rossiya xalqlar do‘stligi instituti bilan hamkorlik o‘rnatilib, O‘zbekistonda uning vakolatxonasi ochildi. Bu migrantlarga rus tilida muloqot qilish va rus tilida kasb o‘rgatish imkonini kengaytiradi. Professional ta’lim rivoji sohada mehnat qilayotgan rahbar va pedagog xodimlar malakasini oshirish qay darajada sifatli yo‘lga qo‘yilganiga ham bevosita bog‘liq. Shu ma’noda, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26 fevraldagi "Professional ta’lim muassasalarining boshqaruv hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi mavjud muammo va kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, ko‘zlangan maqsadga qisqa vaqt oralig‘ida erishishga xizmat qiladi. Qarorga muvofiq, rahbar va pedagog xodimlar, kasbiy faoliyat natijalari qayd etishning elektron portfoliosi (ta’lim platformasi) tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shunga ko‘ra, kasbiy faoliyat natijalari va erishgan yutuqlariga, asosan, rahbarlar hamda pedagog xodimlar muqobil, masofaviy, malaka oshirish ta’lim muassasalari va uyg‘unlashgan holda malaka oshirishga jalb qilinadi. Shuningdek, qarorga asosan, bosh- qaruv va pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik salohiyatidan kelib chiqib, ularning kasbiy ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan uzluksiz malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash hamda o‘zlashtirish imkoniyati yaratildi. Malaka oshirish o‘quv rejalariga bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda, boshqaruv kadrlarining faoliyatini amalga oshirish uchun zarur yangi modullar kiritilib, asosiy e’tibor amaliyotga qaratildi. O‘quv rejalardagi umumiy soatning kamida yetmish foizi amaliy darslarga ajratilgani shundan dalolat beradi. Institut negizida professional ta’lim tizimini raqamlashtirish laboratoriyasi tashkil etilyapti. Parallel ravishda professional ta’lim tizimining barcha turdagi me’yoriy va metodik mahsulotlarini yaratish, ishlab chiqilgan materiallarni ta’lim platformasida keng muhokamaga qo‘yish va yakuniy xulosalarga asosan tayyorlangan mahsulotlarni tajriba-sinov uchun amaliyotga kiritish bo‘yicha ham sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Institut faoliyatida dual ta’lim prinsiplariga asoslangan tizimni joriy etish, professional ta’lim sohasida o‘z-o‘zini moliyalashtirish salohiyatini hosil qilish masalalari alohida o‘rin tutadi. Vazirlar Mahkamasining shu yil 29 martdagi "Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari haqida"gi qarori bu boradagi ishlarimizni jadallashtiradi. Mamlakatimizda professional ta’lim bo‘yicha yuritilayotgan davlat siyosati ta’limning natijadorligiga qaratilganini sohada xizmat qilayotgan har bir mutaxassis yaxshi anglaydi. Zero, amalga oshirilayotgan bu islohotlar eskicha yondashuvlardan voz kechib, kadrlar tayyorlash jarayoniga innovatsion ta’lim texnologiyalarini jadal sur’atda tatbiq etishni nazarda tutadi. Muassasamiz ham aynan mazkur talablardan kelib chiqqan holda, faoliyatini yanada jadal, yangiliklarga tashnalik ruhida davom ettiradi. Xorijiy tajribalar asosida pedagog xodimlarning malaka oshirishga, zarur bilim yoki ma’lumotlarga mavjud ehtiyojini aniqlash va qondirish, ularni malaka oshirish kurslariga jalb etishning yangi mexanizm va metodik ta’minotini yaratish biz uchun hamisha dolzarb vazifa bo‘lib qoladi.

8-Sentabr, 2023-yil 9:52 Sifatli ta’lim va malakali mutaxassis - barqaror iqtisodiyotning asosi

2023-yil 28-29-avgust kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan "Sifatli ta’lim va malakali mutaxassis-barqaror iqtisodiyotning asosi” shiori ostida Avgust kengashi yalpi yig‘ilishi tashkil etildi. Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri akademik I.Abdurahmonovning Avgust kengashi ishtirokchilari, professional ta’lim muassasalari direktor va direktor o‘rinbosarlariga Mustaqillikning 32 yilligi bayram tabrik so‘zini Navoiy viloyati boshqarma boshlig‘i O‘.Mirzoyev tomonidan o‘qib eshittirildi. Tadbirda viloyat hokimi o'rinbosari J.B.Xadjayev, Professional ta’limni rivojlantirish instituti dotsenti D.Raxmatullayeva va bosh mutaxassis O‘Xurramovlar, Navoiy davlat pedagogika instituti hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rektorlari va prorektorlari, professional ta’lim muassasalari direktorlari, direktor o‘rinbosarlari va tizimdagi faol pedagog xodimlar bilan bir qatorda ta’lim muassasalarining pedagog xodimlari ishtirok etdilar. Avgust kengashi yalpi yig‘ilishida o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar va yangi o‘quv yilida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Avgust kengashi yalpi yig'ilishi yuqori saviyada tashkil etilib, tadbir yakunida professional ta’lim tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan va samarali mehnati, shijoati, ulkan tajribasi bilan professional ta’limni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan, qolaversa 2022-2023 o‘quv yilida qo‘lga kiritgan yutuqlari va ko’rik-tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o’rinlarni qo’lga kiritgan muhandis-pedagoglarga hamda “Eng namunali professional ta’lim muassasasi” tanlov g’oliblariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik I.Abdurahmonov, Professional ta’limni rivojlantirish instituti rahbari, professor Z.Xudoyberdiyev, viloyat hokimi hamda boshqarma boshlig'i O‘.Mirzoyevlar tomonidan “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir yakunida viloyat madaniyat boshqarmasining musiqiy dasturi hamda professional ta’lim muassasalarining havaskor guruhlari chiqishlari namoyish etildi.

8-Sentabr, 2023-yil 9:51 Professional ta’limni rivojlantirish institutida Germaniyalik mutaxassis ish boshladi

Germaniya xalqaro hamkorik jamiyati (GIZ)ning “О‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlarini qо‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida GIZ va CIM (Centrum fur international Migration und Entwicklung – Xalqaro migratsiya va rivojlanish Markazi) tomonidan tavsiya etilgan yuqori malakali nomzodlar orasidan integratsiyalashgan ekspert sifatida Germaniyadan tanlab olingan janob Gerard Kurt Alois joriy yilning 14-avgustidan Institutda ish faoliyatini boshladi. Ishning birinchi kunida Gerard Kurt Alois bilan Institutning tarkibiy bо‘linmalari rahbarlari о‘rtasida uchrashuv bо‘lib о‘tdi va unda О‘zbekistonda professional ta’lim tizimini hamkorlikda rivojlantirish bо‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar kelishib olindi.

18-Oktabr, 2021-yil 9:53 Pedagogik innovatsiyalar institutida “Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy asoslari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy seminari bo'lib o'tdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 fevraldagi “Professional ta’lim tizimi boshqaruv hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi 106-son qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq 2021 yil 12 oktabr kuni Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish instituti tomonidan “Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy asoslari” mavzusidagi ilmiy – amaliy seminari “on-line” shaklda o‘tkazildi. Anjuman mavzulari: - Professional ta’lim tizimidagi islohotlar; - malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimida xorijiy davlatlar tajribasidan foydalanish; - masofaviy ta’limni joriy etilishi muammolari; - Professional ta’lim tizimida ta’lim mazmunini tashkillashtirish. “Professional ta’lim muassasalarining boshqaruv hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq Pedagogik innovatsiyalar instituti professor-o‘qituvchilari va xodimlari tomonidan malaka oshirish jarayonlarini tashkil etishda professional ta’lim muassasalari boshqaruv va pedagog kadrlarida Internet axborot tarmog‘i, multimedia tizimlari, masofadan o‘qitish usullari, vebinar texnologiyalari imkoniyatlaridan unumli foydalanish, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni egallash va ularni o‘quv jarayoniga tatbiq etish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu 106-son qaror bilan professional ta’lim muassasalarining boshqaruv hamda pedagog kadrlarini «Hayot davomida ta’lim olish» tamoyili asosida uzluksiz qayta tayyorlash va malakasini oshirishining masofaviy qayta tayyorlash va malaka oshirish, mustaqil malaka oshirish, muqobil malaka oshirish tizimlari joriy etildi. Qayd etilgan malaka oshirish va qayta tayyorlash shakllarini amaliyotga joriy etilishini ta’minlash, professional ta’lim tizimida malaka oshirish va qayta tayyorlash sohasida innovatsion texnologiyalar asosida har bir tinglovchiga individual yondashish imkonini berish va uning ta’limiy ehtiyojlarini qondirish, professional ta’lim muassasalari boshqaruv va pedagog kadrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi, ularning elektron portfoliolari hamda kasbiy faoliyat natijalarini ob’ektiv baholash va monitoringini yuritish, malaka oshirish va qayta tayyorlash jarayonlari yakunida tinglovchilarga tegishli hujjatlarni taqdim etish imkoniyatini beruvchi elektron axborot tizimi – my.moqt.uz ta’lim platformasi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. “Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy asoslari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy seminarining maqsadi malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimini xalqaro tajribalarni, qadriyatlar va zamonaviy talablarni e’tiborga olgan holda tashkillashtirishning ilmiy-tashkiliy asoslarini tadqiq qilishdan iborat. Ushbu ilmiy-amaliy seminarda tasarrufida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan 30 ta vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, professional ta’lim tizimining boshqaruv va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan 41 ta oliy ta’lim muassasalari xodimlari, Pedagogik innovatsiyalar instituti rahbarlari va professor-o‘qituvchilari, Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalar rahbarlari va metodistlari, professional ta’lim muassasalari boshqaruv va pedagog xodimlari jami 1800 kishidan ko‘proq kishi ishtirok etdi. Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy asoslarini amaliy va nazariy jihatlarini keng yoritish maqsadida ilmiy-amaliy seminarga taqdim etilgan maqolalar to‘plamini chop etish rejalashtirilgan.

3-Aprel, 2024-yil 10:55 Professional ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan davra suhbati

2023-yil 23-dekabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Professional ta’limni rivojlantirish instituti hamkorligida Professional ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan davra suhbati tashkil etildi. Ushbu uchrashuvda Professional taʼlim tizimini rivojlantirish departamenti boshlig‘i U.Alijonov rahbarligidagi departament mas’ullari, Professional ta’limni rivojlantirish instituti rahbariyati va mutaxassislari hamda professional ta’lim muassasalaridan vakillar ishtirok etdi. Davra suhbatida hozirgi kunda professional ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar va yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan muhokamalar olib borildi.