Qayta tiklash

Bunday raqam bilan ro'yxatdan o'tilmagan!!!

login yoki parol xato!

Ro’yxatdan o’tish

Telefon raqamingizga sms orqali 6 xonali tasdiqlash kodi jo'natildi. Iltimos kodni kiriting!

01:59

Kod xato. Iltimos tekshirib boshqatdan kiriting!!!

Ro’yxatdan o’tganmisiz?

Ortga qaytish

Yangiliklar

DARYA loyihasining SCAFFOLD vositalaridan foydalanish bo‘yicha tajribalari malaka oshirish tizimi o‘quv jarayonlariga joriy etilmoqda.

Joriy yilning 9-sentyabr kuni Professional ta’lim tizimi rahbar xodimlari IChTBDO‘ guruhi uchun SCAFFOLD vositalaridan foydalanish metodikasini o‘qitish bo‘yicha seminar-trening tashkil etildi. Mazkur seminar-trening institut xodimi B.Haydarov tomonidan olib borildi. Ushbu seminar-treningda professional ta’lim tizimi o‘quv jarayonlarini tashkil etish va loyihalashda SCAFFOLD qatalarining o‘rni va ularning mohiyati, SCAFFOLD kartalaridan foydalanish va SCAFFOLD kartalari orqali o‘quv jarayonlarini rejalashtirish texnologiyalari tahlil qilindi. Ishtirokchilar kichik guruhlarga ajratilgan holda SCAFFOLD kartalaridan foydalanib, o‘quv mashg‘ulot rejasi ishlab chiqdilar va har bir guruh a’zolari tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv mashg‘ulot rejasi bo‘yicha taqdimot amalga oshirildi.

16-Oktabr, 2023-yil 15:53 Oʻzbekistondagi har bir viloyatda dunyo tan olgan dastur asosida kasb-hunarga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi

Shavkat Mirziyoyev 4-oktabr kuni professional taʼlim sifatini oshirish hamda aholini kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha yangi tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Iqtisodiyotni rivojlantirishda professional taʼlim alohida oʻrin tutishi qay etildi. Xususan, taraqqiy etgan davlatlarda oʻquvchilarning 75 foizigacha kasbiy taʼlim bilan qamrab olingan. Mamlakatda ham bu soha mehnat bozori talablari asosida rivojlantirib kelinmoqda. Oʻrta boʻgʻin mutaxassislari, asosan, ikki yoʻnalishda – Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi kasb-hunar maktablari va texnikumlar hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qarashli monomarkazlarda tayyorlanmoqda. Bugungi kunda 689 ta professional taʼlim muassasasida 714 ta kasb va mutaxassislik hamda 20 ta “Ishga marhamat” monomarkazida aholiga 54 ta kasb va 6 ta xorijiy til oʻrgatilmoqda. Oʻquvchilarga bir vaqtda ham oʻqish, ham ishlab daromad topish imkonini beradigan “dual taʼlim” shakli joriy etildi. Bu tizim samarasida 2 ming korxona bilan birgalikda 6 ming yigit-qiz oʻqitilmoqda. Shuningdek, yoshlarga 9-sinfdan keyin kasb-hunar maktabi, 11-sinfdan esa kollej va texnikumda turli mutaxassisliklar oʻrgatilmoqda. Shu bilan birga, sohada muayyan boʻshliqlar ham borligi aytildi. Ayrim taʼlim dasturlari hayot talabi bilan bogʻlanmagan. Professional taʼlim maktab oʻquvchilarini oʻziga jalb qila olmayapti. Oqibatda mavjud quvvatlar toʻla ishlatilmayapti. Monomarkazlar oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan ehtiyojni toʻliq qondira olmayapti. Bitiruvchilarga malaka razryadi berish joriy etilmagani sababli ular qoʻshimcha imtihon topshiryapti. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan professional taʼlim oʻrtasida hamkorlik yoʻq. Chet tillarini oʻrgatish va tasdiqlovchi hujjat berish boʻyicha ishlar yetarli emas. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etib, kasbga oʻqitish sifatini oshirish maqsadida tegishli vazirliklar tomonidan yangi takliflar ishlab chiqilgan. Taqdimotda mutasaddilar shu borada atroflicha axborot berdi. Mazkur takliflarda xorijiy taʼlim dasturlarini joriy etish, bitiruvchilar malakasining ichki va tashqi bozorda tan olinishini taʼminlash, oʻquvchilarni kollej va texnikumlarga kengroq jalb etish, monomarkazlarda kasbga oʻqitish sifatini yaxshilash chora-tadbirlari nazarda tutilgan. Davlat rahbari ushbu takliflarni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berdi. Aholi bandligi eng muhim masala ekani, yoshlarga kasb-hunarlarni tumanlar ixtisoslashuvidan hamda korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, aniq yoʻnalishlar boʻyicha oʻrgatish kerakligi taʼkidlandi. Kasblar va professional taʼlim klassifikatorlarini bosqichma-bosqich yangilab, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, professional taʼlim muassasalarini maktab va oliy oʻquv yurtlari bilan uzviy bogʻlash muhimligi aytildi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi barcha kasb-hunar taʼlimi muassasalarini yaxlit tizim sifatida muvofiqlashtirishi belgilandi. Kelgusi oʻquv yilidan har bir viloyatda dunyo tan olgan dastur asosida kasb-hunarga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Ularning bitiruvchilari xalqaro malaka va xorijiy til sertifikatiga ega boʻladi. Shuningdek, ilgʻor kasbiy taʼlim va kasbga oʻqitish sifatini taʼminlash mezonlari tatbiq etiladi. Monomarkazlarda kasblar ish beruvchilarning buyurtmasi asosida oʻqitiladi, bu bitiruvchilarning ishga joylashishida muhim omil boʻladi. Mutasaddilarga professional taʼlim tizimini rivojlantirishning yilma-yil dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

16-Avgust, 2021-yil 20:08 Pirovard maqsadimiz zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashga qaratilgan

Keyingi yillarda yurtimizda ilm-fanga munosabat tubdan o‘zgardi. Ta’lim sohasini isloh etish, ilmiy va innovatsion faoliyatni har tomonlama qo‘llab- quvvatlashga qaratilgan islohotlarga keng yo‘l ochildi. Sifatli ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash yangilanishlarning pirovard maqsadiga aylandi. Shu islohotlar jarayonida kasb-hunar ta’limi sohasiga ham zamonaviy tamoyillar olib kirildi. Xalqaro andozalarga mos professional ta’lim tizimi joriy etildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2019 yil 6 sentabrdagi "Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni mazkur islohotlarning mustahkam poydevoriga aylandi. Sababi, unga muvofiq, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim darajalarini qamrab olgan professional o‘qitish tizimi hamda tabaqalashtirilgan o‘quv dasturlari joriy etiladigan ta’lim muassasalari tashkil qilindi. Mazkur dasturlar asosida tegishli kadrlar tayyorlaydigan o‘quv maskanlari ro‘yxati tasdiqlandi. Shunga hamohang tarzda professional o‘qitish tizimida tegishli ta’lim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional o‘quv muassasalari tarmog‘i yaratildi. Ayni paytda yurtimizda 339 ta kasb-hunar maktabi, 201 ta kollej, 185 ta texnikum faoliyat yurityapti. Harakatlar strategiyasidagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta’lim xizmatlari imkoniyatini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish zarurligi qat’iy belgilab berilgan. Zotan, xalqaro mehnat bozori, integratsion jarayonlarning jadallashuvi, raqamlashtirish, sanoatdagi texnologik inqiloblar davri ham aynan shuni talab qilyapti. Zarur malaka va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari xalqaro andozalarga mos, professional ta’lim tizimida tayyorlanadi. Shu ma’noda, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti nafaqat ta’lim muassasalari, balki sohada innovatsion muhit, yangi makon yaratish ishlariga izchil kirishgan. Jumladan, tizimdagi rahbar va pedagog xodimlar uchun yangicha mezonlarda o‘quv kurslari tashkil etilyapti. Mazkur o‘quv yilida malaka oshirishning yigirmaga yaqin yangi moduli joriy qilindi. Ikki yuzdan ortiq vizuallashtirilgan va raqamlashtirilgan yangi elektron ta’lim resurslari bazasi yaratildi. Institut ayni paytda kasb-hunar ta’limini innovatsion rivojlantirish hamda rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish yo‘nalishlarida faoliyat olib bormoqda. Tizimni qisqa vaqt oralig‘ida rivojlantirish va jahon standartlariga to‘la moslashtirish maqsadida rivojlangan mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlarning ilg‘or tajribalari o‘rganilyapti. Jarayonda Germaniya, Shveysariya, Janubiy Koreya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlar, YuNESKO, Britaniya kengashi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa ta’lim fondi, Turkiya hamkorlik agentligi, Xitoyning Universitetlar uyushmasi kabi tashkilotlardan ikki yuzdan ortiq nufuzli ekspertlar jalb etildi. Ulardan zarur tajriba va xulosalar olindi. Belarus Respublikasining Professional ta’lim respublika instituti bilan professional ta’lim sifatini oshirish, milliy malaka tizimini joriy etish va WorldSkills standartlari asosida kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarini qamrab olgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Davlatimiz rahbari tomonidan xorijiy migrantlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar doirasida Rossiya xalqlar do‘stligi instituti bilan hamkorlik o‘rnatilib, O‘zbekistonda uning vakolatxonasi ochildi. Bu migrantlarga rus tilida muloqot qilish va rus tilida kasb o‘rgatish imkonini kengaytiradi. Professional ta’lim rivoji sohada mehnat qilayotgan rahbar va pedagog xodimlar malakasini oshirish qay darajada sifatli yo‘lga qo‘yilganiga ham bevosita bog‘liq. Shu ma’noda, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26 fevraldagi "Professional ta’lim muassasalarining boshqaruv hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi mavjud muammo va kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, ko‘zlangan maqsadga qisqa vaqt oralig‘ida erishishga xizmat qiladi. Qarorga muvofiq, rahbar va pedagog xodimlar, kasbiy faoliyat natijalari qayd etishning elektron portfoliosi (ta’lim platformasi) tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shunga ko‘ra, kasbiy faoliyat natijalari va erishgan yutuqlariga, asosan, rahbarlar hamda pedagog xodimlar muqobil, masofaviy, malaka oshirish ta’lim muassasalari va uyg‘unlashgan holda malaka oshirishga jalb qilinadi. Shuningdek, qarorga asosan, bosh- qaruv va pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik salohiyatidan kelib chiqib, ularning kasbiy ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan uzluksiz malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash hamda o‘zlashtirish imkoniyati yaratildi. Malaka oshirish o‘quv rejalariga bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda, boshqaruv kadrlarining faoliyatini amalga oshirish uchun zarur yangi modullar kiritilib, asosiy e’tibor amaliyotga qaratildi. O‘quv rejalardagi umumiy soatning kamida yetmish foizi amaliy darslarga ajratilgani shundan dalolat beradi. Institut negizida professional ta’lim tizimini raqamlashtirish laboratoriyasi tashkil etilyapti. Parallel ravishda professional ta’lim tizimining barcha turdagi me’yoriy va metodik mahsulotlarini yaratish, ishlab chiqilgan materiallarni ta’lim platformasida keng muhokamaga qo‘yish va yakuniy xulosalarga asosan tayyorlangan mahsulotlarni tajriba-sinov uchun amaliyotga kiritish bo‘yicha ham sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Institut faoliyatida dual ta’lim prinsiplariga asoslangan tizimni joriy etish, professional ta’lim sohasida o‘z-o‘zini moliyalashtirish salohiyatini hosil qilish masalalari alohida o‘rin tutadi. Vazirlar Mahkamasining shu yil 29 martdagi "Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari haqida"gi qarori bu boradagi ishlarimizni jadallashtiradi. Mamlakatimizda professional ta’lim bo‘yicha yuritilayotgan davlat siyosati ta’limning natijadorligiga qaratilganini sohada xizmat qilayotgan har bir mutaxassis yaxshi anglaydi. Zero, amalga oshirilayotgan bu islohotlar eskicha yondashuvlardan voz kechib, kadrlar tayyorlash jarayoniga innovatsion ta’lim texnologiyalarini jadal sur’atda tatbiq etishni nazarda tutadi. Muassasamiz ham aynan mazkur talablardan kelib chiqqan holda, faoliyatini yanada jadal, yangiliklarga tashnalik ruhida davom ettiradi. Xorijiy tajribalar asosida pedagog xodimlarning malaka oshirishga, zarur bilim yoki ma’lumotlarga mavjud ehtiyojini aniqlash va qondirish, ularni malaka oshirish kurslariga jalb etishning yangi mexanizm va metodik ta’minotini yaratish biz uchun hamisha dolzarb vazifa bo‘lib qoladi.

18-Oktabr, 2021-yil 9:50 Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy omillari

“Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy omillari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy seminarining PRESS-RELIZI О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 fevraldagi “Professional ta’lim tizimi boshqaruv hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish tо‘g‘risida”gi 106-son qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq 2021 yil 12 oktabr kuni Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish instituti tomonidan “Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy asoslari” mavzusidagi ilmiy – amaliy seminari “on-line” shaklda о‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur Anjumanda professional ta’lim tizimidagi islohotlarning borishi, sohadagi xorijiy davlatlar tajribasi, malaka oshirishda ta’lim sifatini ta’minlash kabi dolzarb mavzular bо‘yicha ma’ruzalar qilinishi belgilangan. Anjuman yakunida professional ta’lim muassasalarining boshqaruv hamda pedagog kadrlarini «Hayot davomida ta’lim olish» tamoyili asosida uzluksiz qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlarga fan va ishlab chiqarish sohasidagi oxirgi natijalarni joriy qilish bо‘yicha yangi tajribalarga erishilishi kutiladi. Ushbu ilmiy-amaliy seminarda ishtirok etish uchun tasarrufida professional ta’lim muassasalari bо‘lgan 30 ta vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, professional ta’lim tizimining boshqaruv va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan 41 ta oliy ta’lim muassasalari xodimlari, Pedagogik innovatsiyalar instituti rahbarlari va professor-о‘qituvchilari, Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalar rahbarlari va metodistlari, barcha (750 ta) professional ta’lim muassasalarining boshqaruv va pedagog xodimlari taklif etilgan. Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy asoslarini amaliy va nazariy jihatlarini keng yoritish maqsadida ilmiy-amaliy seminarga taqdim etilgan maqolalar tо‘plamini chop etish rejalashtirilgan. Anjumanga ishtirok etish bо‘yicha murojaatlar, savollar, takliflar bilan (71) 246-92-27, (99) 394-30-43 raqamli telefonlar orqali muloqot qilish mumkin. Mas’ul shaxs: Usanov Shamsiddin Hamidovich, Pedagogik innovatsiyalar instituti, Malaka oshirish va qayta tayyorlash jarayonini о‘quv-metodik ta’minlash boshqarmasi bosh mutaxassisi. “Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning ilmiy-tashkiliy omillari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy seminarining dasturi: 11:00-11:10 - Xudayberdiyev Zayniddin Yavkachevich, - Pedagogik innovatsiyalar instituti direktori, i.f.d., professor. Kirish sо‘zi. 11:10-11:20 - Esanboboyev Faxriddin Toshtemirovich, Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi, boshqarma boshligi. Mavzu: Malaka oshirish va qayta tayyorlashning dolzarb ilmiy masalalari. 11:20-11:30 - Shoymardonov Tо‘ymurod Turdaliyevich, Oliy va о‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazi direktori. 11:30-11:40 - Shasalimov Jamalxon Shasidikovich, Pedagogik innovatsiyalar instituti, Personal boshqaruv kafedrasi mudiri. Mavzu: Malaka oshirishning samarali modellarini izlashning umumiy tendensiyalari (Yevropa davlatlarida pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayoni tahlili asosida). 11:40-11:50 - Mamarasulov Fazliddin Umarovich, Pedagogik innovatsiyalar instituti, “Ta’limda boshqaruv” kafedrasi mudiri. Mavzu: Pedagog kadrlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlashda chet el tajribalari (AQSH, Kanada, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur va Malayziya misolida). 11:50-12:00 - Axunjonov Alisher Toshtemirovich, Pedagogik innovatsiyalar instituti, “Innovatsion ta’lim texnologiyalari” kafedrasi katta о‘qituvchisi. Mavzu: Pedagog kadrlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlashda chet el tajribalari (Finlyandiya, Fransiya, Daniya, Italiya, Rossiya, Qozog‘iston, Shvetsiya va Norvegiya misolida). 12:00-12:10 - Kurbanov Shavkat Ergashevich, Pedagogik innovatsiyalar instituti, Innovatsion loyihalar, fan va ta’lim texnologiyalari transferi bо‘limi boshlig‘i. Mavzu: Malaka oshirish ta’lim tizimidagi islohotlar: innovatsion g‘oyalar. 12:10-12:25 - Jalalov Anvar Qodirovich, - Pedagogik innovatsiyalar instituti direktorining о‘rinbosari. Mavzu: Qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishning dolzarb muammolari. 12:25-12:40 - Munozara (A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi muammolarini о‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti, Uzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi Elektron ta’lim bulimi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti va boshqalar). 12:40-12:50 - Xudayberdiyev Zayniddin Yavkachevich, - Pedagogik innovatsiyalar instituti direktori, i.f.d., professor. Seminarning yopilishi.

3-Aprel, 2024-yil 10:56 Texnikumlarda kredit-modul tizimi bo‘yicha ta’lim dasturlarini ishlab chiqish yuzasidan seminar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev rahbarligida 2024 yil 5 fevral kuni “Ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport yo‘nalishlari bo‘yicha 2024 yilgi ustuvor vazifalar to‘g‘risida”gi kengay tirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektorda hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 7 dekabrdagi “Professional ta’limda kredit-modul tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 648-son qarorida texnikumlarda kredit modul tizimi joriy etilishi belgilab berilgan. Shu maqsadda, joriy yilning 1-4 aprel kunlari “Texnikumlarda kredit-modul tizimi bo‘yicha ta’lim dasturlarini ishlab chiqish” mavzusida 500 dan ortiq OTMlari professor-o‘qituvchilari hamda texnikumlarda faoliyat olib borayotgan pedagoglar uchun “oflayn” shaklda, KHMlari va kolejlarning kasb va mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim dasturlarini takomillashtirish va yangisini ishlab chiqish yuzasidan ish beruvchi korxona va tashkilotlar hamda professional ta’lim muassasalari pedagoglaridan iborat 700 nafardan ortiq Ishchi guruh a’zolari uchun “onlayn” shaklda o‘quv-uslubiy seminar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Seminarni o‘tkazishdan maqsad: Umumiy qabul qilingan ta’limning kredit-modul texnologiyasining o‘ziga xos tomonlaridan biri xalqaro umumta’lim standartlariga mos kelishi va ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish muammolari, jahon tendensiyalarini hisobga olgan universal ta’lim dasturi, akademik erkinlik va o‘quv dasturlari variativligini o‘rganish. Respublika ta’lim muassasalarida o‘qitishning kredit-modul texnologiyasini joriy etish milliy ta’lim tizimini isloh qilishdagi jahon tendensiyalariga asoslanishini seminar a’zolariga yetkazish. Seminarning vazifasi: kredit-modul ta’lim tizimiga o‘tish jarayonining zamonaviy tendensiyalari va mexanizmlarini chuqur o‘rganish, tahlil qilish hamda professional ta’lim tizimi o‘quvchilarining kredit-modul ta’limiga moslashish muammosi hamda uslubiy asoslarini o‘rganish natijasida professional ta’lim tizimida 90 dan ortiq kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha kredit-modulli ta’lim dasturlarini ishlab chiqishdan iborat. Yetarli “kredit” to‘plagan bitiruvchilarga o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ko‘ra “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliy ta’lim muassasalarining ikkinchi yoki uchinchi kurslarida to‘plangan kreditlar tan olingan holda ta’limni davom ettirish imkoniyatini yaratiladi.

27-Mart, 2023-yil 9:45 Pedagogik innovatsiyalar institutida “Yangi O‘zbekistonda yangilanayotgan konstitutsiya” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

2023-yil 23-mart kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Pedagogik innovatsiyalar institutida tayanch doktorantlar va ilmiy tadqiqotchilar bilan “Yangi O‘zbekistonda yangilanayotgan konstitutsiya” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash” kafedrasi dotsentlari psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Malohat Saipova va kafedra dotsenti psixologiya fanlari doktori (DSc) Dilshod Arzikulovlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar hamda 2023-yil 30-aprelda umumxalq muhokamasiga qo‘yilayotgan Konstitutsion Qonun loyihasining mazmun mohiyatini ochib berish maqsadida tashkil etildi.