Qayta tiklash

Bunday raqam bilan ro'yxatdan o'tilmagan!!!

login yoki parol xato!

Ro’yxatdan o’tish

Telefon raqamingizga sms orqali 6 xonali tasdiqlash kodi jo'natildi. Iltimos kodni kiriting!

01:59

Kod xato. Iltimos tekshirib boshqatdan kiriting!!!

Ro’yxatdan o’tganmisiz?

Ortga qaytish

Psixokorreksiya

    Reja:

    1. Psixokorreksion faoliyat tamoyillari.

    2. Psixokorreksion dasturlar tuzishning asosiy mezonlari.

    3. Psixokorreksiya samaraliligini aniqlovchi omillar

 

1. Psixokorreksion faoliyatning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

    1. Korreksiya va psixologik diagnostika birligi.

    2. Rivojlanish normativligi.

    3. «Yuqoridan quyiga» prinsipi asosidagi korreksiya.

    4. «Quyidan yuqoriga» prinsipi asosidagi korreksiya.

    5. Psixik faoliyatning tizimli taraqqiyoti.

    6. Faoliyatga doir korreksiya.

    1. Korreksiya va psixologik diagnostika birligi tamoyili psixologik amaliyotning o‘ziga xos fenomeni sifatida psixologik yordam ko‘rsatish jarayoni yaxlitligi, mujassamlashganligini aks ettiradi. I.V.Dubrovina, D.B.Elkonin va boshqalarning asarlarida batafsil yoritib berilgan mazkur tamoyil butun korreksion faoliyatning negizi deb e’tirof etiladi, zotan korreksion faoliyat samaradorligining to‘qson foizi avval amalga oshirilgan psixologik diagnostika jarayonining chuqurligi, jiddiyligi bilan belgilanadi. Yuqorida zikr etilgan tamoyil ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi. Birinchidan, korreksion muolajalarni psixologik diagnostika izlanishlari bilan uyg‘unligini ta’minlash, uning asosida birlamchi xulosa tuzish va korreksion - rivojlantiruv ishning maqsad va vazifalarini aniqlash zarur. Korreksion ish samarasi faqatgina dastlabki puxta psixologik diagnostika ishlari bilan belgilanadi. Shu bilan birga «..eng aniq, chuqur tashhis ma’lumotlari agar ular jiddiy o‘ylangan psixologik - pedagogik korreksion tadbirlar tizimi bilan uyg‘unlashtirilmasa ma’nisiz bo‘lib qolishi mumkin» (D.B.Elkonin, 1989). Ikkinchidan, psixologning korreksion - rivojlantiruv faoliyati mijozning korreksion ishlar jarayonidagi kechinmalari va his - tuyg‘ulari, emotsional holati dinamikasi, faoliyati, fe’l - atvori, shaxs o‘zgarishi dinamikasining doimiy nazoratini talab etadi. Ushbu nazorat programmasi vazifalarga zaruriy o‘zgartirishlar kiritishni, mijozga psixologik ta’sir ko‘rsatish uslublari va vositalarini vaqtida yangilash imkonini beradi.

    2. Rivojlanish normativligi tamoyili. Rivojlanish normativligi deganda ontogenetik taraqqiyotning yosh bosqichlari, ularning bir birlarining o‘rnini izchil egallashlari jarayoni nazarda tutiladi. «Psixologik yosh» L.S.Vigotskiy tomonidan kiritilgan tushunchadir. Bu «shaxs tuzilishini, uning faoliyatini shunday yangi toifasiki, u bolaning ongini, muhitga bo‘lgan munosabati, uning ichki va tashqi olamini, ayni vaqtdagi rivojlanishini asoslab, aniqlab beradigan psixik va ijtimoiy o‘zgarishlardir.» (L.S.Vigotskiy, 1984). Shunday qilib, bolaning rivojlanish darajasini yosh me’yorlariga mos kelishini baholashda va korreksion maqsadlarni belgilashda quyidagi harakteristikalarni inobatga olish zarur:

    1) Ijtimoiy vaziyat (axvolning) xususiyatlarini (masalan, tarbiyaviy yoki ta’limiy idoraning turini, bolaning muloqot doirasi, kattalar, oila a’zolarini hisobga olgandagi o‘zgarishi va h.k.).

    2) Rivojlanishning aynan shu yosh bosqichidagi yangi psixologik hosilalarning shakllanganlik darajasini.

    3) Bolaning yetakchi faoliyatini rivojlanish darajasi, uning optimallashuvini.

    3. Korreksiyaning «yuqoridan quyiga» tamoyili. L.S.Vigotskiy tomonidan ilgari surilgan ushbu tamoyil korreksion ish yo‘nalishini ochib beradi. Psixologning diqqat markazida rivojlanishning ertangi kuni turadi, korreksion faoliyatning asosiy mazmuni: mijoz «taraqqiyotining istiqbolli hududi»ni yaratishdir (bunday mijozlar L.S.Vigotskiyda bolalar edi). «Yuqoridan quyiga» tamoyiliga binoan korreksiya ilgarilab boruvchi harakterga ega bo‘lib, u yangi psixologik hosilalarni o‘z vaqtida shakllantirishga yo‘naltirilgan psixologik faoliyat sifatida tuziladi.

    4. Korreksiyaning «quyidan yuqoriga» tamoyili. Ushbu tamoyil amalga oshirilayotganda korreksion ishning asosiy mazmuni sifatida mavjud psixologik qobiliyatlar zahirasini ishga solish nazarda tutiladi. Bu tamoyil, asosan, bixevioristik yondashuv tarafdorlari tomonidan amalga oshiriladi. Ularning nuqtai -nazariga ko‘ra xulq - atvor korreksiyasi, ijtimoiy ma’qullangan xulqni mustahkamlash va ijtimoiy noma’qul fe’l - atvorni tormozlash maqsadida, avvaldan mavjud bo‘lgan xulqiy andozalarni (xoh ijobiy bo‘lsin, xoh salbiy) kuchaytirish orqali amalga oshirilishi lozim. Shunday qilib, «quyidan yuqoriga» korreksion tamoyilning asosiy vazifasi xulq - atvorning berilgan modelini turli yo‘llar bilan aniqlash va zudlik bilan mustahkamlashdan iborat. Korreksiya markazida - xulqning murakkablashuvi va modifikatsiyalashuvi, xulqiy repertuarda mujassam reaksiyalar kombinatsiyasi sifatida tushuniladigan psixik rivojlanishning mavjud darajasi turadi.

    5. Psixologik faoliyat rivojlanishining tizimliligi tamoyili. Bu tamoyil korreksion ishda rivojlantiruv va profilaktik vazifalarni hisobga olish zaruriyatini tug‘diradi. Mazkur vazifalar tizimliligi shaxs turli jihtlarining o‘zaro bog‘liqligini va ularning rivojlanishi geteroxronligini (birday emasligi) aks ettiradi. Shaxs rivojlanishining hamma aspektlari psixika tuzilishining tizimliligi tufayli o‘zaro bog‘lik. Korreksion rivojlantiruv faoliyatning maqsad va vazifalarini belgilashda faqatgina bugungi kunda dolzarb bo‘lgan muammolar bilan cheklanmasdan keyingi rivojlanishni ham hisobga olish kerak. Vaqtida ko‘rilgan preventiv choralar rivojlanishdagi turli og‘ishlarning oldini oladi. Korreksion ishning strategiyasini aniqlashda rivojlanishning tizimlilik prinsipi «yuqoridan quyiga» korreksion prinsip bilan uzviy bog‘liq ekanligini ko‘ramiz: tekshiruv paytiga bola erishgan taraqqiyot darajasining tizimli tahlili taraqqiyotning istiqbolli hududini belgilovchi, alohida rivojlanish bosqichlarida shakllangan psixik faoliyat ko‘rinishlarining mavjud ierarxiyasini aks ettiruvchi taraqqiyotning markaziy chegarasi nuqtai nazaridan amalga oshiriladi.

    6. Korreksiyaning faoliyatga doir prinsipi. Ushbu prinsip korreksion urinishlarning tatbiq predmetini, maqsadga erishish usullari va vositalarini tanlashni, korreksion ishni o‘tkazish taktikasini, qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish yo‘llari va usullarini belgilaydi. Korreksion - rivojlantiruv ta’sirning asosiy usuli sifatida mijozning aktiv faoliyatini tashkillashtirish uning mohiyatidir. Shaxs rivojlanishida ijobiy o‘zgarishlar uchun zarur bo‘lgan asos yaratiladi. Mazkur prinsipga ko‘ra korreksion ishning asosiy yo‘nalishi bo‘lib mijozda predmetli faoliyatning turli jabhalariga: shaxslararo munosabatlar, pirovardida, taraqqiyotning ijtimoiy vaziyatiga doir, xususiy yo‘nalishning umumlashgan uslublarini maqsadga muvofiq ravishda shakllantirish ilgari suriladi. Bolalar bilan bo‘lgan korreksion ishda «yetakchi faoliyat» tushunchasi ishlatiladi. Maktabgacha va boshlang‘ich maktab yoshida bunday faoliyat o‘yin, o‘smirlik yoshida- muloqot va hamkorlikdagi faoliyatdir. Korreksiyaning faoliyatga doir prinsipi: birinchidan, korreksion urinishlarning tadbiq predmetini aniqlab bersa, ikkinchidan, xususiy yo‘nalishlarning umumlashgan usullarini shakllantirish yo‘li bilan yoshga xos faoliyat ko‘rinishlarini uyushtirish orqali korreksion metodlarni belgilaydi. Korreksion ishning maqsad va vazifalari. Psixokorreksion tadbirlar rivojlanishdagi og‘ishlarni to‘g‘rilashga yo‘naltirilgan. Shu tufayli bir qator dolzarb savollar paydo bo‘ladi:

    - Rivojlanishdagi og‘ishlar deganda nimani tushunish kerak?

    - Psixologik korreksiyani amalga oshirishga doir qanday ko‘rsatmalar mavjud?

    - Korreksion masalalarning maqsadga muvofiqligini belgilash mas’uliyatini kim o‘z bo‘yniga oladi va qaror qabul qiladi?

    - Korreksiya samaradorligini kim va nimaga asoslanib baholaydi?

    Korreksion ish amaliyotida rivojlanishdagi qiyinchiliklar sabablarini tushuntiruvchi turli modellar mavjud. Biologik model - og‘ishlarning kelib chiqishini organik etilish tempining sekinlashuvi bilan izohlaydi. Tibbiy model-rivojlanishdagi og‘ish, qiyinchiliklar va muammolarni anomal rivojlanish sohasiga olib chiqadi. Interaksionistik model – taraqqiyot muammolarini vujudga kelishida shaxs va muhit o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirlarning buzilishi, xususan, bolaning sensor va ijtimoiy deprivatsiyasi oqibatlarini alohida qayd etib o‘tadi. Pedagogik model -og‘ishlarning sababini pedagogik va ijtimoiy qarovsizlikda ko‘radi. Faoliyatga doir model – etakchi faoliyat ko‘rinishi va mazkur yosh bosqichi uchun odatiy faoliyat turlarini shakllanmaganligini diqqat markaziga qo‘yadi. Korreksion ish maqsadlarining qo‘yilishi psixik rivojlanishning nazariy modeli bilan uzviy bog‘liq. Korreksion maqsadlarni qo‘yish sohasida uchta asosiy yo‘nalish farqlanadi:

    1. Rivojlanishning ijtimoiy holatini optimallashtirish.

    2. Bolaning etakchi faoliyat turlarini rivojlantirish.

    3. Yoshga doir psixologik hosilalarni shakllantirish.

    Chet el psixologiyasida bola rivojlanishidagi qiyinchiliklar shaxsning ichki strukturasi buzilganda (Z.Freyd, M.Klayn va h.k.) yoki muhit buzilganligida, yoki ikkala sabab birlashganda yuzaga keladi, deb hisoblashadi. Pirovardida, ta’sir ko‘rsatishning maqsadi shaxs uyg‘unligi va psixodinamik kuchlar balansini tiklashdan iborat, deb tushuniladi. Korreksion ishning texnikasi va usullarining tanlanishi uning maqsadlari bilan belgilanadi. Maqsadlarni konkretlashtirishda quyidagi qoidalarni hisobga olish lozim:

    1. Korreksiya maqsadlari negativ emas, pozitiv shaklda tuzilishi kerak. Maqsadlar inkor so‘zlari bilan tuzilmasligi shart, ularning ta’qiqlovchi harakterga ega bo‘lishi mijozning rivojlanish imkoniyatlarini, tashabbuslarini chegaralab qo‘yishi mumkin. Korreksiya maqsadlarini aniqlashning negativ shakli bartaraf etilishi lozim bo‘lgan xulq - atvor xususiyatlar tavsifidan iborat. Korreksion muddaolarning pozitiv shakli mijozda shakllanishi kerak bo‘lgan xususiyatlarni o‘z ichiga oladi.

    2. Korreksiya maqsadlari real tuzilishi kerak. Agar maqsadlar real holatdan uzoq bo‘lsa, unda psixokorreksion dastur foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin.

    3. Umumiy maqsadlar qo‘yilganda, shaxs taraqqiyotining yaqin va olis istiqbolini hisobga olinishi kerak. Shaxsning, nafaqat korreksiya tugagan vaqtidagi ko‘rsatkichlarini, balki keyinroq ro‘y beradigan rivojlanish bosqichlaridagi o‘zgarishlarni ham kamrab olishi kerak.

    4. Korreksion ishning samarasi ancha uzok vaqt davomida namoyon bo‘lishini yodda tutish lozim. Korreksion ish jaraenida, uning yakunlanishida; va, nihoyat, tahminan yarim yil o‘tgandan keyin, korreksion ishning muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsizligi haqida gapirish mumkin.

 

Psixokorreksion dasturlar tuzishning asosiy mezonlari

    Psixologik korreksiya dasturlarini tuzishda quyidagi asosiy prinsiplarga tayanish zarur:

    1. Korreksion, profilaktik va rivojlantiruvchi masalalar tizimliligi prinsipi

    2. Korreksiya va psixologik diagnostikaning birligi prinsipi

    3. Kauzal ko‘rinishdagi korreksiyaning ustivorligi.

    4. Korreksiyaning faoliyatga doirligi prinsipi

    5. Mijozning yoshga doir psixologik va individual xususiyatlarini inobatga olish prinsipi.

    6. Psixologik ta’sir ko‘rsatish metodlarining kompleksliligi prinsipi

    7. Korreksiyaga mijozning ijtimoiy muhitidagi yaqin kishilarni jalb etish prinsipi

    8. Psixik jarayonlar tuzilmasining turli darajalariga tayanish prinsipi

    9. Dasturlashtirilgan ta’lim berish prinsipi

    10. Murakkablikka tadrijiy o‘tish prinsipi

    11. Berilaetgan materialning hajmi va murakkablilik darajasini hisobga olish prinsipi

    12. Materialning emotsional murakkabligini inobatga olish prinsipi.

    1. Bu prinsip har qanday korreksion ishda 3 ko‘rinishdagi masala mavjudligini ta’kidlaydi, ya’ni 1) korreksion, 2) profilaktik va 3) rivojlantiruvchi. Bunda bola shaxsining har tomonlama rivojlanishidagi bog‘liqlik va notekislik borligini anglatadi. Tushunarliroq aytadigan bo‘lsak, har qaysi bola rivojlanishning turli bosqichlarida bo‘ladi, ya’ni: juda yuqori pog‘ona - rivojlanish normada, past pog‘ona – rivojlanishda psixik qiyinchiliklar borligini anglatadi. Bunda notekis rivojlanish qonuniyati kelib chiqadi. Shaxsga doir taraqqiyotning ayrim jihatlarini sustlashuvi bola intellekti rivojini ortda qolishi yoki boshqa qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Masalan: bilish va o‘qish motivlarining sust rivojlanganligini pirovard natijasida boladagi mantiqiy operatsional intellekt ortda qoladi. Shuning uchun korreksion rivojlantiruvchi programmalar masala va maqsadini aniqlaganda hozirgi kundagi aktual muammolar bilan cheklanmay rivojlanishning yaqin prognozlaridan ham foydalanish kerak. Bolaga o‘tkaziladigan har qanday psixologik ta’sir faqatgina ortda qolgan bosqichni korreksiya qilishgagina qaratilgan bo‘lmay, ortda qolishni oldini olishga, uyg‘un rivojlanishga yo‘l ochishga qaratilgan bo‘lishi lozim. Xulosa qilib aytganda, korreksion rivojlantiruvchi dastur 3 ta vazifani bajarishi lozim: Korreksion buzilish va ortda qolishni tuzatish. Profilaktik – buzilish va ortda qolishni oldindan aniqlash. Rivojlantiruvchi – taraqqiyot mazmunini boyitish, optimallashtirishga qaratilganlik. Shu 3 ta dasturlarning birgalikda olib borilishi kutilgan natijalarni berishi mumkin.

    2. Bu prinsip amaliy psixolog ishi sifatidagi mijozni rivojlantirish va unga psixologik yordam berish alohida, yaxlit jarayon ekanini aks ettiradi.

    3. Yo‘nalishiga qarab korreksiyaning ikki toifasi farqlanadi: simptomatik va kauzal. Simptomatik korreksiya mazkur taraqqiyot qiyinchiliklarining tashqi alomatlarini bartaraf etishga qaratilsa, kauzal toifadagi korreksiya mazkur muammolarni vujudga keltirayotgan sabablarni yo‘q qilishga qaratiladi. Ikkinchi toifadagi korreksiya o‘z ustivorligini yo‘qotmasligi lozim.

    4. Mazkur prinsipning nazariy asoslari A.N.Leontev, D.B.Elkonin asarlarida ishlab chiqilgan. Uning diqqat markazida bolaning psixik taraqqiyotida faoliyatning alohida o‘rni mavjudligi turadi.

    5. Mijozning psixologik va individual xususiyatlarini hisobga olish prinsipini mijozning psixik va shaxs rivojlanishining normativ taraqqiyotiga ijobiy ta’sir etadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mijoz xususiyatlarini hisobga olish, uni o‘z yo‘lini o‘zi belgilashiga yo‘l ochadi.

    6. Metodlardan kompleks ta’sir etish prinsipi korreksion ta’sir ko‘rsatish programmalarini tuzishda amalietchi-psixolog turli metodlar va texnikalardan foydalanishi lozimligini e’tirof etadi. Ko‘pgina chet el psixologlari tomonidan tadbiq etilgan metodlar psixoanaliz, bixeviorizm, gumanistik psixologiya, geshtaltpsixologiya kabi ilmiy maktablarning nazariy negizlarini ochib beradi. Lekin hech qaysi metodika va texnika bittagina nazariyaga bog‘langan emas.

    7. Bu prinsipda mijozning psixik taraqqiyoti uning atrofidagilarning roli bilan belgilanishi mumkinligini e’tirof etadi. Bola o‘z yonidagi kattalar bilan aloqador xolda, birgalikdagi faoliyati orqali baholanadi. Zotan bola tevarak-atrofdagilardan ajralgan holda emas, balki ular bilan birgalikda rivojlanadi.

    8. Korreksion dasturlarni tuzishda yaxshi taraqqiy etgan psixik protsesslarga suyanish va ularni aktivlashtiruvchi metodlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

    9. Avval psixolog bilan birgalikda, keyinchalik mustaqil ravishda bajarish orqali zaruriy malakalarni shakllantiruvchi bir qator izchil muolajalardan iborat dasturlar yaxshi samara beradi.

    10. Bu prinsipda korreksion ishlar tadrijiyligi nazarda tutilgan. Mazkur prinsip mijozning o‘zi bajarayotgan ishidan zavqlana olishiga va korreksion ishga uning qiziqishini orttirishga yordam beradi.

    11. Korreksion dasturni amalga oshirishda ya’ni materialning yangi hajmini berishdan oldin u yoki bu ko‘nikma va malakalarni nisbatan shakllanganligiga e’tibor berish lozim.

    12. O’tkazilayotgan o‘yinlar, mashg‘ulotlar, taklif etilayotgan material yaxshi emotsional fonni vujudga kelishiga yordam berishi kerak. Korreksion mashqlar ijobiy emotsional fon bilan yakun topishi maqsadga muvofiqdir.

Psixokorreksiya samaraliligini aniqlovchi omillar.

    1. Mijozning kutgan natijasi.

    2. Mijozni mavjud bo‘lgan muammolaridan xalos bo‘lishi.

    3. Mijoz muammosining harakteri.

    4. Mijozning birgalikdagi faoliyatga tayyorgarligi.

    5. Korreksion tadbirni o‘tkazayotgan psixologning kutgan natijasi.

    6. Psixologning shaxsiy va professional tayyorligi.

    7. Psixokorreksiyaning samarasi konkret metod va ta’sir etuvchi xususiyatdan aniqlanadi.

    Psixokorreksion yordamning samaraliligiga baho berish borgan sari aktuallashmoqda. Bu psixologning ta’sir eta olishi va korreksion ishning sifatliligidandir.

    - Ishning samaraliligini baholashda aniq metodni belgilab olish zarur. Korreksion ishda ma’lum bir metodni oldindan tanlash qiyin, chunki ish faoliyatida psixologlar turli metodlardan foydalanadilar.

    - Hatto bir metod har xil mutaxassisda har xil natija beradi.

    - Ishning bahosini bu metoddan xabari bo‘lmagan ekspert berishi zarur.

    - Psixologning tarbiyaviy-ta’limiy sifatini hisobga olish kerak.

    - Psixologning kasbiga bo‘lgan qiziqishini hisobga olish zarur.

    - Guruhiy korreksion ishda psixologning professional bo‘lishi katta ahamiyatga ega.

    - Psixokorreksion ishlarda mijoz psixologik ta’siridan so‘ng quyidagilarga qarab baholanadi:

    - Ichki kechinmalarning sub’ektiv mohiyatining o‘zgarganligi.

    - Ta’sir etgandan so‘ng mijozning ijobiy tomonga o‘zgarishi.

    - Psixologik ta’sir samarasini belgilashda psixofiziologik metodlardan foydalanish mumkin. Ular insonning vegetativ-somatik fiziologik va psixik funksiyalarini baholaydi. Psixokorreksion ta’sirning samaraliligi kriteriysi har bir shaxsdagi salbiy o‘zgarishlarni aynan uni o‘ziga xos ekanligini hamda tanlangan psixokorreksion metodlar ta’siri shu o‘zgarishlarga qaratilganligini hisobga olish bilan bog‘liqdir.

 

Nazorat savollari hali qo'shilmagan.